Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 +99871 237-01-11 Barcha raqamlar
Litsenziyalash haqida

Telekommunikatsiyalar sohasidagi litsenziyalash O'zbekiston Respublikasining telekommunikatsiyalar sohasidagi litsenziyalash bo'yicha qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. 

Telekommunikatsiyalar sohasidagi yuridik shaxslarning faoliyat turlarini litsenziyalashni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 22 noyabrdagi «Telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi 458-son qarori bilan tasdiqlangan «Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash to'g'risidagi nizom»ga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyalarni berish (berilishini rad etish), amal qilishini to'xtatish yoki tugatish va bekor qilish tartibi O'zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Litsenziyalarga talabgorlarning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyat turlari bilan shug'ullanish uchun arizalarini qabul qilish va ro'yxatga olish, litsenziya shartnomalari va litsenziyalarini rasmiylashtirish, shuningdek Litsenziyalash masalalari bo'yicha ekspertlar komissiyasining kengashlari o'tkazilishini tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Litsenziyalash va standartlashtirish bo'limi tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyalash masalalari bo'yicha Ekspertlar komissiyasining kengashi bir oyda kamida bir marta o'tkaziladi.

Telekommunikatsiyalar sohasida quyidagilarni loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va telekommunikatsiya xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha faoliyat litsenziyalanishi kerak:

• mahalliy tarmoqlar;  
• shaharlararo tarmoqlar;  
• xalqaro tarmoqlar;  
• mobil radiotelefon aloqa tarmoqlari;  
• ma'lumotlar uzatish tarmoqlari;  
• teleradiouzatishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) tarmoqlari.

Litsenziyaga talabgorlar bajaradigan ishlariga bog'liq holda bir nechta telekommunikatsiya tarmoqlari bo'yicha, shuningdek faoliyatning bir necha turlariga (loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlar ko'rsatish) litsenziyalarga ega bo'lishlari mumkin. Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyat faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 20 dekabrdagi «Teleradioeshittirish sohasida radiochastota spektridan samarali foydalanishni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida»gi 592-son qarori bilan tasdiqlangan «Radiochastotalarni tanlov yo'li bilan taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi to'g'risidagi nizom»ga muvofiq televizion va radiouzatishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) sohasidagi faoliyat yuritish huquqini beruvchi yakka tartibdagi litsenziyalarning berilishi konkurs asosida amalga oshiriladi (asosiy faoliyati davlat televizion va radiodasturlarni shakllantirish va tarqatish (translyatsiya qilish) hisoblangan yoki ustav fondidagi davlat mulkining ulushi 50 foizdan kam bo'lmagan korxonalardan tashqari).  

Litsenziyalarning amal qilish muddatlari

Mahalliy, shaharlararo, xalqaro tarmoqlar, mobil radiotelefon aloqa, shaxsiy radochaqiruv tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlarini ko'rsatish uchun litsenziyalar 5 yildan 15 yilgacha muddatga beriladi.

Ma'lumotlar uzatish tarmoqlari, teleradiouzatishlarni tarqatish tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlarini ko'rsatish uchun litsenziyalar 5 yil muddatga beriladi. Litsenziyani olish uchun kerak bo'lgan hujjatlar Litsenziyani olish uchun litsenziyaga talabgor litsenziya beruvchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  1. yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasining nomi va bank muassasidagi bank hisob raqamini ko'rsatgan holda belgilangan shakl bo'yicha litsenziya berilishi to'g'risida ariza;
  2. yuridik shaxs amalga oshirishni mo'ljallagan faoliyatning litsenziyalanadigan turi (uning qismi) va faoliyatning ko'rsatilgan turi amalga oshiriladigan muddat;
  3. yuridik shaxsning davlat ro'yxatiga olinganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi;
  4. litsenziyaga talabgor litsenziya beruvchi organ tomonidan ko'rib chiqilganligi uchun eng kam ish haqining bir barobari miqdorida yig'im kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat;
  5. yuridik shaxsning eshittiruvchi sifatida televidenie va radiouzatishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish va xizmatlarini ko'rsatishga litsenziya olish uchun O'zbekiston matbuot va axborot agentligida davlat ro'yxatiga olinganligi to'g'risidagi guvohnomasining nusxasi;
  6. quyidagilar ro'yxati:
    1. xarakteristikalari, diapazonlari va radiochastotalar nominallarini (ulardan foydalanilganda) ko'rsatgan holda asosiy telekommunikatsiya texnik vositalari (egalik qilish huquqlari yoki boshqa qonuniy asosda mavjud bo'lgan) – telekommunikatsiya tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish va (yoki) ko'rsatishga litsenziya olish uchun;
    2. texnik vositalar (egalik qilish huquqlari yoki boshqa qonuniy asosda mavjud bo'lgan) va loyiha, qurilish ishlarini o'tkazish uchun kerakli bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlar – telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish va (yoki) qurishga litsenziya olish uchun;
    3. tarmoqni tashkil qilish va rivojlanishini prognoz qilish rejasi, belgilangan shakl bo'yicha bajariladigan ishlarga bog'liq holda boshqa zarur ma'lumotlar (abonentlar, shaharlararo, xalqaro stantsiyalar portlari, ma'lumotlar uzatish tizimlari va tarmoqlari, qamrab olish zonalarining miqdori va muayyan telekommunikatsiya tarmoqlari yoki inshootlari uchun boshqa parametrlar);
  7. litsenziyaga talabgor tomonidan telekommunikatsiyalar sohasida faoliyatning ayrim turlari uchun litsenziya olish uchun taqdim etiladigan talablar va shartlarni bajarish imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlar:
    1. oliy ma'lumot to'g'risidagi diplom, telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish bo'yicha mutaxassislarning mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari – telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish va (yoki) qurishga litsenziyani olish uchun;
    2. tegishli organlarining sanitar, yong'indan saqlash va ob'ektni qo'riqlash tadbirlarining talablariga muvofiqligi to'g'risidagi xulosasi;
    3. O'zbekiston Respublikasi radiochastotalardan foydalanish va nazorat qilish organlarining chastotalar berilishidan foydalanish imkoniyati to'g'risidagi xulosasi, uzatuvchi qurilmalarning quvvati to'g'risidagi ma'lumotlar (radioaloqa vositalaridan foydalanish bilan bog'liq faoliyat uchun litsenziya olinganda);
    4. boshqa shaxsga tegishli uskunadan foydalanish ko'zda tutilgan holda bu uskuna ijaraga olinganligining tasdig'i taqdim etiladi. Tasdiq shartnoma yoki uning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi ko'rinishida taqdim etilishi mumkin.

O'z tarmog'ini tashkil etish huquqisiz, ma'lumotlar uzatish operatorlarining tarmoqlari orqali ma'lumotlar uzatish tarmoqlarining provayderi, shu jumladan Internet xizmatlarini ko'rsatish uchun (jamoa bo'lib foydalanish punktlari – Internet-kafe, Internet-klublar va h.) litsenziya olishda «g», «d» va «e» kichik bandlarida ko'zda tutilgan hujjatlar taqdim etilmaydi. O'zbekiston Respublikasi hududidan uchinchi mamlakatlarga xorij tele va radiostantsiyalarining dasturlarini retranslyatsiya qilgan holda televizion va radiouzatishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) tarmoqlari bo'ylab faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berilishi to'g'risida ariza berilganda xalqaro shartnomalar shartlariga javob beradigan qo'shimcha hujjatlar talab qilinadi. Efir teleradioeshittirishi bo'yicha faoliyatni amalga oshirishda chastotalarni taqsimlash bo'yicha konkursda ishtirok etish uchun litsenziyaga talabgor O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Axborot faoliyati va ma'lumotlar uzatishni takomillashtirish ham samaradorligini oshirish bo'yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashga ariza va quyidagi hujjatlarni topshiradi:

  • yuridik shaxsning davlat ro'yxatiga olinganligi to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi;
  • yuridik shaxs ta'sis hujjatlarining nusxalari;
  • litsenziyaga talabgor tomonidan konkurs takliflari ko'rib chiqilganligi uchun yig'im kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat;
  • litsenziyaga talabgor tomonidan bay puli kirtilganligini tasdiqlovchi hujjat;
  • teleradiodasturlarni tarqatish bo'yicha xizmatlarni taqdim etish jarayoni bilan bevosita bog'liq xodimlarning malakasini tasdiqlovchi hujjatlar (diplomlar, guvohnomalar, sertifikatlar);
  • ijodiy, texnik va moliyaviy takliflarni, shu jumladan teleradiodasturlarning rejalashtiriladigan eshittirish setkasini, o'z dasturlarini eshittirish hajmlari va konkurs majburiyatlarini o'z ichiga oladigan eshittirishning batafsil kontseptsiyasi;
  • teleradioeshittirish ob'ektlarining sanitar, yong'indan saqlash normalari va ob'ektni qo'riqlash tadbirlari talablariga muvofiqligi to'g'risidagi tegishli organlarning xulosasi;
  • uskuna boshqa shaxsga tegishli bo'lgan holda teleradioeshittirish tashkiloti uchun mo'ljallangan uskunadan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (ijara shartnomasi va sh.k.).

Javobgarlik

Ishonchli bo'lmagan yoki buzilgan ma'lumotlarni taqdim etganligi uchun litsenziyaga talabgor O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo'ladi.  
Arizaning ko'rib chiqilishi va litsenziyaning berilishi Litsenziya beruvchi organ tomonidan litsenziyaga talabgorning arizasi ko'rib chiqilganligi uchun faoliyatning har bir turi bo'yicha O'zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida yig'im undiriladi.

Litsenziyaga talabgor berilgan arizadan voz kechgan holda yoki litsenziya beruvchi organ tomonidan litsenziya berilishini rad etish to'g'risida qaror qabul qilinganda to'langan yig'im summasi qaytarilmaydi.

Litsenziyani berish yoki berilishini rad etish to'g'risidagi qarorni litsenziya beruvchi organ litsenziyaga talabgorning barcha kerakli hujjatlar bilan birga arizasi olingan kundan boshlab o'ttiz kundan kech bo'lmagan muddatda qabul qiladi.

Litsenziya berilishini rad etish sabablari quyidagilar bo'lishi mumkin:

  • litsenziyaga talabgor tomonidan kerakli tarzda rasmiylashtirilmagan hujjatlarning taqdim etilishi;
  • litsenziyaga talabgorning litsenziya talablari va shartlariga, shuningdek konkurs (tender) shartlariga javob bermasligi.  

Litsenziyalar berilishini boshqa sabablarga ko'ra, shu jumladan maqsadga nomuvofiqlik sabablari bo'yicha rad etishga yo'l qo'yilmaydi.

Litsenziyaga talabgor tomonidan litsenziyaning berilishini rad etish uchun asos bo'lib xizmat qilgan sabablar belgilangan muddatda bartaraf etilgan holda, hujjatlarni qayta ko'rib chiqish litsenziyaga talabgorning barcha kerakli hujjatlar bilan birga arizasi olingan kundan boshlab o'n kundan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi. Litsenziyaga talabgorlarning arizalari qayta ko'rib chiqilishi uchun yig'im undirilmaydi. Litsenziya berilishini rad etish bildirishnomasida ko'rsatilgan muddat o'tganidan keyin berilgan ariza qaytadan berilgan hisoblanadi. Ariza beruvchi davlat bojini to'lagandan va litsenziya shartnomasi imzolanganidan keyin litsenziya beriladi.

Davlat boji

Davlat boji miqdori O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 24 oktyabrdagi «Telekommunikatsiyalar sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun davlat boji miqdorini tasdiqlash to'g'risida»gi 421-son Qarori bilan belgilangan.

Davlat bojining miqdori bir yilga davlat bojini to'lash kuniga belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga karra hisobidan belgilanadi (ma'lumotlar uzatish tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlarini ko'rsatishdan tashqari).

Davlat boji litsenziya beriladigan muddatga karra bo'lgan miqdorda to'lanadi.

Davlat boji litsenziyaning amal qilish davrida har yili teng ulushlar bilan to'lanishi mumkin yoki litsenziyaning butun amal qilish muddati uchun bir vaqtda to'lanishi mumkin.

Agar litsenziat litsenziya berish to'g'risida qaror qabul qilinganligi bildirishnomasi yuborilgan (topshirilgan) paytdan uch oy ichida litsenziya beruvchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji to'langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan bo'lsa yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan bo'lsa, litsenziya beruvchi organ ko'rsatilgan litsenziyani bekor qilish huquqiga ega. 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Litsenziyalash va litsenziya shartnomalari ijrosini tahlil qilish bo'limining murojaat qilish uchun ma'lumotlari:  
Tel.: (+998 71) 238-41-37, 238-41-39, 238-41-85  
Faks: (+998 71) 239-87-82  
E-mail: deplicense@mitc.uz

Rekvizitlarni yuklab olish (pdf, 162 kb.)