Ishonch telefonlari
11-44 Barcha raqamlar
  • TATU-BDARU qoʻshma fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar ikki diplomga ega boʻlishadi
    30.10.2018

    2018-yilning sentyabr oyida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Belorussiya davlat axborot va radioelektronika universiteti oʻrtasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun Axborot texnologiyalari qoʻshma fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida shartnoma imzolangan edi.

    Ushbu shartnomaga binoan 2019-2020-oʻquv yilidan boshlab Toshkent axborot texnologiyalari universitetida TATU-BDARU Axborot texnologiyalari qoʻshma fakultetiga uch: axborot texnologiyalarning dasturiy taʼminoti; dasturlanadigan mobil tizimlar; sunʼiy tafakkur yoʻnalishlari boʻyicha talabalar oʻqishga qabul qilinadi.

    Eʼtiborlisi, TATU-BDARU Axborot texnologiyalari qoʻshma fakultetida oʻqish “2+2” sxemasi asosida amalga oshiriladi. Yaʼni, 2 yil TATUda, 2 yil BDARUda. Ushbu fakultetni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar ikki diplomga ega boʻlishadi.

    Shu kunlarda TATU-BDARU Axborot texnologiyalari qoʻshma fakulteti qoshida TATU va BDARU yuqori malakali oʻqituvchilar tomonidan 9 oy davomida quyidagi fanlar boʻyicha tayyorlov kurslari tashkil qilinmoqda:

    1. Rus tili — 4 oy.

    2. Ingliz tili + Informatika — 1 oy.

    3. Matematika + Fizika — 4 oy.

    Tayyorlov kurslarida oʻqitishning umumiy soatlar hajmi 1120 soat tashkil qiladi.

    Oʻqitish uchun toʻlov summasi oyiga 500 000 soʻm etib belgilangan.

    Tayyorlov kurslari fanlari boʻyicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchi BDARU sertifikatiga hamda muddatdan oldin talaba boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Maʼlumot oʻrnida: Belorussiya davlat axborot va radioelektronika universiteti (BDARU) Belorussiyaning yirik milliy ilmiy-taʼlim markazi boʻlib, oʻquv va ilmiy faoliyat olib borish uchun ulkan imkoniyatlarga ega OTM hisoblanadi. Universitet zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan va rivojlangan infratuzilmaga ega. Universitetda taʼlim olish va ilmiy-tadqiqot faoliyatni yuritish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud.

    Manba: Axborot xizmati