Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 11-44
Barcha raqamlar
  • 9-oktyabr – Butunjahon pochta aloqasi kuni!
    09.10.2017

    Har yili 9-oktyabr kuni butun dunyoda Butunjahon pochta aloqasi kuni nishonlanadi. Mazkur sana tarixiy ildizlarga ega – bu kunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan agentligi hisoblangan Butunjahon pochta ittifoqi (BPI)ga asos solingan. Tarkibiga 190dan ortiq mamlakat kiruvchi Butunjahon pochta ittifoqi jahonda eng katta pochta tarmog‘idir. O‘zbekiston Respublikasi 1994-yildan buyon Butunjahon pochta ittifoqining teng huquqli a’zosi hisoblanadi va BPI doirasida boshqa pochta ma’muriyatlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

    BPI pochta xizmatlarini doimiy ravishda targ‘ib etishda yetakchilik vazifasini bajaradi. Dunyo pochta xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikda ham Ittifoq asosiy mexanizm sifatida xizmat qiladi. U tavsiyalar beradi, vositachilik qiladi va texnik yordam ko‘rsatadi. Uning asosiy vazifalari qatorida — zamonaviy pochta mahsulotlari turlarini kengaytirish va yangi xizmatlarni joriy etish, mijozlarga taqdim etiladigan pochta xizmatlarining sifatini yaxshilash evaziga butunjahon pochta xizmatini rivojlantirishga, pochta jo‘natmalari hajmining o‘sishiga erishishdan iborat. Shu bilan birga, BPI o‘zining asosiy vazifasi — sayyoramiz aholisi o‘rtasidagi aloqalarni tashkil etish hamda rivojlantirishdan iborat.

    Pochta tarmog‘ining keng miqyosda tarmoqlashib ketganligi sabab, BPI jahondagi eng yirik tarmoq va infratuzilma sifatida qolmoqda.

    «O‘zbekiston pochtasi» AJ pochta aloqasi milliy operatori bo‘lib, Butunjahon pochta ittifoqining 107ta a’zo-mamlakatlari bilan xalqaro pochta almashuvini ta’minlaydi. Butun respublika bo‘ylab, eng uzoq va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarda ham, aholi uchun maqbul narxlarda universal pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajaradi.

    Raqobatli bozor muhiti sharoitlarida «O‘zbekiston pochtasi» zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida yangi xizmatlarni rivojlantirish, O‘zbekiston hududida kafolatli va sifatli pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatishni ta’minlashga katta e’tibor qaratmoqda.

    Xalqaro tajribalarga tayanib «O‘zbekiston pochtasi» AJ pochta aloqasi milliy operatori sifatida pochta aloqasi tarmoqlarini modernizatsiyalash, xizmat turlari doirasini kengaytirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda, ob’ektlarda pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

    Pochta aloqasi bo‘linmalarida avtomatlashtirilgan ish o‘rinlari tashkil etilgan bo‘lib, aholiga «elektron pul o‘tkazmalari», «gibrid pul o‘tkazmalari» kabi yangi xizmat turlarini ko‘rsatmoqda.

    Pochta aloqasi sohasini modernizatsiyalash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida yangi xizmat turlarini joriy etish maqsadida «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan pochta aloqasi sohasini rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida taqdim etilayotgan xizmat turlari hajmini kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

    Yuqori ishonchlilik standartlari va tezlikka muvofiqlik O‘zbekiston Respublikasi milliy operatorining istiqboldagi asosiy maqsadi hisoblanadi. Axir aynan shu jihat pochta aloqasi foydalanuvchilarining ishonchini ta’minlovchi muhim va qimmatli omildir.

    Manba: Axborot xizmati