Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 +99871 237-01-11 Barcha raqamlar
  • Yangi tahrirdagi "Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari"ning loyihasi ishlab chiqildi
    19.06.2017

    O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari tomonidan yangi tahrirdagi "Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari"ning loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasining "Fuqarolik kodeksi", O‘zbekiston Respublikasining "Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi, "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi va "Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida"gi qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

    Jumladan, yangi tahrirdagi hujjat loyihasida mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish, uni ko‘rsatish tartibi va shartlarini, mobil aloqa tarmoqlari operatorlari, ularning dilerlari va abonentlarning huquq va majburiyatlarini, shuningdek ularning javobgarliklarini belgilaydi.

    Bugungi kunda mobil aloqa tarmoqlarining jadal rivoji hamda yangi texnologiyalarning keng joriy qilinayotgani bu yo‘nalishdagi xizmat ko‘rsatish tartibini zamonga muvofiqlashtirish, jumladan mobil aloqa operatorlarining dilerlari faoliyatini tartibga solishni taqozo qilmoqda. Yangi tahrirdagi "Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari"ning loyihasi aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi.

    Hujjat loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida tanishish hamda uni takomillashtirishga hissa qo‘shishingiz mumkin.

    Amaldagi "Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari" bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

    Manba: Axborot xizmati