Ishonch telefonlari
11-44 Barcha raqamlar
  • Mobil aloqa xizmatlari sifatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi
    06.05.2018

    Shu yilning 4 may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev mobil aloqa operatorlari va internet-provayderlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Tadbirda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya xizmatlari sifatini yaxshilash masalalari muhokama etildi.

    Davra suhbatida davlat rahbari tomonidan joriy yilda internet tezligini 8-10 barobarga oshirish vazifa etib topshirilgani alohida ta’kidlandi. Mazkur vazifaning ijrosini ta’minlash uchun qonunchilikni takomillashtirishdan tortib sohaga yirik investitsiyalarni jalb etishgacha bo‘lgan kompleks masalalarni hal etish lozim. Ayni paytda litsenziyalashtirish, ruxsatnomalar berish va boshqa ko‘plab jarayonlarni soddalashtirish ustida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

    Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, aloqa sifati ustidan shikoyatlar borgan sari o‘sib bormoqda. Birgina 2018 yilning dastlabki choragida ana shunday murojaatlar soni 1,5 mingdan oshib ketdi. Statistik tahlillar murojaatlarning aksariyati quyidagi sohalarga oid bo‘layotganini ko‘rsatmoqda: internet xizmatlari — 349 ta murojaat (22 %), turg‘un aloqa — 272 ta murojaat (17 %), mobil aloqa — 275 ta murojaat (17 %), pochta aloqasi — 153 ta murojaat (10 %) va teleradiodasturlar — 77 ta murojaat (5 %).

    Shu yilning 7 mart kuni O‘zbekiston Respublikas Vazirlar Mahkamasining «Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya xizmatlari sifatini yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan, shu jumladan, «Qonunchilik va boshqa normativ hujjatlar, davlat standartlari talablari hamda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati buzilganligi uchun moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ni hisoblash tartibi to‘g‘risida»gi nizom ham tasdiqlandi va u 2018 yil 1 iyundan boshlab kuchga kiradi.

    Nizom Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan «UNICON.UZ» Davlat unitar korxonasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan bo‘lib, u telekommunikatsiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) qo‘llash va davlat nazorati tizimini takomillashtirish, telekommunikatsiya tarmoqlarini ishonchli barqaror, uzluksiz ishlab turishi imkonini beradi. Shuningdek, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida xizmatlarni o‘z vaqtida va sifatli taqdim etish borasida iste’molchilar huquqlari himoyasini ta’minlaydi.

    Mavzkur nizom mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tarqatiladi.

    Davra suhbati davomida operatorlarga aloqa bozoridagi muammolarni kun tartibiga kiritish, mobil aloqa operatorlari va internet-provayderlar faoliyatida uchraydigan byurokratik to‘siqlar haqida so‘zlab berish imkoniyati taqdim etildi.

    Xuddi shunday uchrashuvlarni doimiy ravishda o‘tkazish kelishib olindi.

    Manba: Axborot xizmati