Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 11-44
Barcha raqamlar
  • Mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini joriy qilish rejalashtirilmoqda
    02.10.2017

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish va olib kirish tizimini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasini ishlab chiqdi. Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasining Me’yoriy-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida aholi fikr-mulohazalari va munosabatlarini o‘rganish maqsadida e’lon qilingan

    Ushbu qaror loyihasida O‘zbekistonga olib kirilayotgan mobil aloqa vositalarini hisobga olish, xususan mamlakatimizga olib kirilayotgan mobil qurilmalarning xalqaro identifikatsiya kodi (International Mobile Equipment Identity, IMEI) bilan majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishni tizimini tartibga solish ko‘zda tutilgan. Mazkur mexanizmning muqobillaridan ko‘plab xorijiy mamlakatlarda foydalaniladi. Bu tizim mamlakat ichkarisiga sertifikatsiz mobil aloqa qurilmalarini olib kirish hamda ulardan foydalanishga chek qo‘yadi va qarshi kurashadi. 

    Shu bilan birga, qurilmalarni IMEI-kod bilan ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalaridan ruxsatsiz foydalanishga qarshi kurash samaradorligining oshishi, mobil qurilmalarni o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlarni kamayishi va bu turdagi o‘g‘irliklarga qarshi tezkor choralarni ko‘rilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu tizimning joriy qilinishi mahalliy mobil qurilma ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga, mahsulot ishlab chiqarish ko‘lami va sifatini oshirishga zamin yaratadi. 

    Qaror loyihasiga ko‘ra, IMEI-kodlaridan foydalanish va ularni ro‘yxatga olish masalalarini boshqarish va muvofiqlashtirish Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, tizimni ro‘yxatga olish operatori vazifasi O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi, mobil qurilmalarga guvohnoma berish UNICON DUK zimmasiga yuklatilishi rejalashtirilgan.

    Qarorda mobil qurilmalardan noqonuniy foydalanish, ularni uchinchi shaxsga berish maqsadida, IMEI-kodlarni o‘zgartirish (klonlashtirish, ko‘paytirish, boshqasiga almashtirish) kabi xatti-harakatlarning qonunga zidligini belgilab qo‘yish taklif qilinmoqda. 

    Hujjatda tegishli ravishda IMEI-kodga ega bo‘lmagan mobil qurilmalardan foydalanayotgan abonentlarga mobil xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlash taklif qilinmoqda.

    Qarorda O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish qoidalarini qabul qilish, buning uchun maxsus apparat-ta’minoit kompleksini yaratish hamda IMEI-kodlarni ro‘yxatga oluvchi tizim operatori qoshida abonentlarga xizmat ko‘rsatish markazini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. 

    Hozirda foydalanilayotgan, import bo‘yicha olib kelingan va mahalliy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan mobil qurilmalarni IMEI-kod uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni pullik asosda amalga oshirish taklif qilinmoqda. Aytish joizki, bugungi kunda foydalanilayotgan barcha mobil gadjetlar avtomatik tarzda ro‘yxatga olinadi. Foydalanuvchi yoki abonentning biror joyga murojaat qilishiga zarurat tug‘ilmaydi. Bu to‘g‘rida batafsil qaror imzolanganidan so‘ng ishlab chiqiladigan Vazirlar Mahkamasining qarorida bayon qilinadi. Shuningdek, import qilinayotgan qurilmalarning narxlaridagi o‘sishni muvofiqlashtirish uchun ularga qo‘llanilayotgan bojxona to‘lovlarini kamaytirish reja qilinmoqda. 

    Mazkur qaror loyihasini takomillashtirishga qiziqish bildirgan barchani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish va olib kirish tizimini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasining muhokamasida faol ishtirok etishga taklif qilamiz. Hujjat loyihasi bilan tanishish, fikr va taklif bildirish uchun bu manzilga o‘ting

    Ma’lumotnoma
    O‘zbekistondagi mobil aloqa abonentlari soni ayni paytda 21,5 million nafarni tashkil qiladi. Har yili O‘zbekiston bozorida o‘rtacha 2-3 million dona mobil qurilmalar sotiladi. Ularning aksariyati mamlakatga aylanma yo‘llar orqali, bojxona va rasmiylashtirish jarayonlarini chetlab o‘tgan holda noqonuniy olib kiriladi.

    Manba: Axborot xizmati